Gemorroy - eng keng tarqalgan kasalliklardan biridir. U kattalar aholining taxminan 10-15%ida uchraydi. Gemorroy yaxshi sifatli kechadigan kasalliklar qatoriga kirsa-da,
u hayot sifatini keskin pasaytiradi va asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Kasallikning asosiy belgisi - rektal qon ketish (to'g'ri ichakdan qon ajralishi). Ba'zi hollarda
u kichik bo'lib, oson nazorat qilinadi, boshqa hollarda esa tez-tez va ko'p miqdorda bo'ladi. Tegishli davolashsiz to'g'ri ichakdan qon ajralishi kamqonlikka olib kelishi mumkin, kuchli va uzoq davom etadigan qon ketish esa hayot uchun xavfli holat hisoblanadi va zudlik bilan tibbiy yordamni talab qiladi.
Qon ketish va gemorroyning boshqa simptomlari
Gemorroidal qon ketish odatda defekatsiya vaqtida yuzaga keladi. Anal kanaldan ajralayotgan qon yorqin qizil rangda bo'ladi.
U najas yuzasida tomchi yoki chiziqlar ko'rinishida aniqlanadi. Juda kam hollarda to'q qizil rangdagi qon yoki ivindilar ajralishi kuzatiladi.
Bu qonning to'g'ri ichakda turib qolishi bilan bog'liq.
Odatda gemorroyda qon ketish epizodik xarakterga ega, ammo ba'zi hollarda u doimiy bo'lishi mumkin. Qon ketish intensivligi va hajmi ham turlicha bo'ladi. Qon ba'zan hojat qog'ozida zo'rg'a seziladi, boshqa hollarda esa unitazni sachratishi mumkin. Ba'zan o'z-o'zidan to'xtamaydigan kuchli (profuz) qon ketishlar ham uchraydi.
Gemorroyga xos boshqa simptomlar:
- tugunlarning anal kanaldan tushib chiqishi;
- oraliq sohada qichishish va noqulaylik;
- defekatsiyadan keyin og'riq yoki doimiy xiralashgan og'riq;
- kasallik zo'rayganda anus atrofidagi terining shishishi (tugun trombozi).
Qon ketishning xavfi nimada?
Doimiy qon ketish izsiz o'tmaydi va gemorroy asoratlarining asosiy sababidir. Vaqt o'tishi bilan bemorlarda turli darajadagi surunkali kamqonlik rivojlanadi. U ba'zan simptomlarsiz kechadi yoki quyidagi belgilar bilan namoyon bo'ladi:
- umumiy holsizlik va zaiflik;
- ish qobiliyatining pasayishi va tez charchash;
- diqqatni jamlash va e'tiborning pasayishi;
- odatiy yuklamada ham nafas qisishi;
- bosh aylanishi va quloqlarda shovqin;
- yurak urishining tezlashishi.
Yengil darajadagi surunkali kamqonlik ko'pincha klinik belgilarsiz o'tadi va ko'pincha tekshiruv vaqtida tasodifan aniqlanadi. Gemorroyning eng xavfli asoratlaridan biri - kuchli (profuz) qon ketishdir. U qisqa vaqt ichida katta hajmda qon yo'qotilishi bilan tavsiflanadi. O'tkir qon yo'qotish inson holatining keskin yomonlashuvi bilan kechadi va quyidagi belgilar bilan namoyon bo'ladi:
- terining oqarishi;
- puls va nafasning tezlashishi;
- qo'l-oyoqlarning sovishi;
- yopishqoq ter paydo bo'lishi.
Bunday holatda yagona to'g'ri harakat - darhol tez yordam chaqirishdir. O'z vaqtida malakali yordam ko'rsatilmasa, tezda shok holati rivojlanadi. Hayot uchun muhim organlar faoliyati buziladi va jiddiy xavf tug'iladi.
Davolashning umumiy tamoyillari
Qon ketishni to'xtatish yoki kamaytirish uchun gemostatik vositalar qo'llaniladi. Surunkali kamqonlikda temir preparatlari qo'shimcha ravishda buyuriladi. Umumiy davolash yallig'lanishga qarshi preparatlar, spazmolitiklar va mikrotsirkulyatsiyani yaxshilovchi vositalarni o'z ichiga olishi mumkin. Venotoniklar - venalar tonusini oshiruvchi va tomir devorlarini himoya qiluvchi preparatlar - muhim ahamiyatga ega. Qabziyatga moyillik bo'lsa, shifokor surgi vositalarni buyuradi.
Mahalliy davolash ichki va tashqi gemorroyda sham yoki malhamlardan foydalanishni o'z ichiga oladi. Rektal shamlar turli faol moddalarga ega bo'lishi mumkin. Masalan, qon ketishda fenilefrinli shamlar qo'llaniladi. U tomirlarni toraytiruvchi mahalliy ta'sir ko'rsatib, qon ketishni kamaytiradi. Kuchli og'riqda esa og'riq sezuvchanligini kamaytiruvchi anestetikli shamlar qo'llaniladi.
Gemorroyda qon ketishni bartaraf etish uchun maxsus qon to'xtatuvchi gubkalar ham qo'llaniladi. Ular anal kanalga kiritiladi, eriydi va yupqa plyonka hosil qilib, gemorroidal venalardan qon ajralishini to'sadi.
Relief® – fenilefrin saqlovchi rektal shamlar bo'lib, gemorroyni davolashda qo'llaniladi. U gemorroy simptomlarini, jumladan noqulaylik va anal qichishishni kamaytirishga yordam beradi.
Gemorroy davolashning yana bir usuli - jarrohlik. Bu kam invaziv operatsiyalar bo'lishi mumkin, masalan:
- kriodestruksiya;
- elektrokoagulyatsiya;
- tugunlarni lateks halqalar yordamida ligatsiya qilish;
- skleroterapiya;
- dezarterizatsiya (ultratovush nazorati ostida tugunni oziqlantiruvchi tomirlarni tikish).
Ularning kam shikastlovchi va kam og'riqli bo'lishi ularni bemorlar va shifokorlar uchun jozibador qiladi. Biroq ular faqat ayrim hollarda va kasallikning erta bosqichlarida qo'llaniladi. Dezarterizatsiya tugunlarni ko'tarish va fiksatsiya qilish bilan birga og'ir bosqichlarda ham qo'llanishi mumkin.
Kasallikni davolashning klassik usuli - gemorroidektomiya bo'lib, tugunlarni to'liq olib tashlashni nazarda tutadi. Zamonaviy modifikatsiyalar operatsiyani kamroq shikastlovchi va deyarli qon ketishsiz bajarish hamda tezroq bitishni ta'minlash imkonini beradi.
1.S.V. Lokhvitskiy, S.V. Azarov. Gemorroy: konservativ davolashning zamonaviy taktikasi // Meditsina i ekologiya. 2011. ?3 (60). https://cyberleninka.ru/
2. Madaminov A.M., Osmonov T.A. Gemorroy: o'quv-uslubiy qo'llanma / Qirg'iz-Rossiya Slavyan universiteti. - Bishkek, 2005. - 35 bet. http://lib.krsu.edu.kg/
3. Dolgikh O.Yu., Solovyev O.L., Stolyarov S.A., Supilnikov A.A. Gemorroy: o'quv qo'llanma. - Samara: Rossiya oliy o'quv yurtlari tibbiy va farmatsevtik ta'limi bo'yicha o'quv-uslubiy birlashma; REAVIZ tibbiyot instituti; 2013. - 152 bet. http://www.medbooks.org/
4. Blagodarny L.A. Gemorroyni konservativ davolash: Relief preparatlarini qo'llash tajribasi. RMJ. 2017;3:169-172. https://www.rmj.ru/
LMR-CH-20210504-06