Anal yoriqlar: sabablari, simptomlari, davolash
Anal yoriq - koloproktologik kasalliklarning eng keng tarqalganlaridan biri. U proktologga murojaat qilgan bemorlarning 10-15%ida aniqlanadi. Kasallanish darajasi 1000 nafar kattalar orasida 20-23 holatni tashkil etadi. Shu bilan birga jinsning ahamiyati yo'q: anal yoriqli bemorlar orasida ayollar va erkaklar soni teng1
Anal yoriqlarning paydo bo'lish sabablari
Anal yoriq - bu anal kanal (anoderma) shilliq qavatining chiziqli yoki ellips shaklidagi yarali nuqsonidir (yara) [1]. Patologik jarayon anoderma yorilishidan boshlanadi. Yoriq ichki sfinkterga yetganda refleks ishga tushadi. Sfinkter qisqaradi. Ushbu spazm yoriqning mustaqil bitishiga to'sqinlik qiladi va jarayonni surunkali holga keltiradi [2].
Anoderma yorilishi ko'pincha qabziyatda qattiq najas massalari tufayli yuzaga keladi. Shuningdek, tez-tez suyuq najas (diareya) va defekatsiya bilan bog'liq boshqa buzilishlar ham jarohat sababiga aylanishi mumkin [1]. Ayollarda og'ir tug'ruqlardan keyin anal yoriqlar tez-tez uchraydi. Xavf omillariga anal jinsiy aloqa ham kiradi[3].
«Qabziyat va gemorroy bilan og'rimaydigan yosh odamlarda yuzaga keladigan birlamchi o'tkir anal yoriq patogenezi biroz boshqacha. Odatda uning sababi - defekatsiyaning bir martalik qiyinlashuvi bo'lib, ko'pincha ko'p miqdorda achchiq ovqat va spirtli ichimliklardan keyin kuzatiladi».
Rivkin V. L., tibbiyot fanlari doktori, professor, jarroh-koloproktolog [3]
Bo'shashgan va shishgan anoderma yorilishlarga ayniqsa moyil bo'ladi, chunki uning elastik xususiyatlari pasayadi. Bu ingichka va yo'g'on ichakning yallig'lanish kasalliklarida kuzatiladi: enterokolit, proktit, proktosigmoiditlarda [4].
Anal yoriqlarning simptomlari
Anal yoriqning asosiy klinik belgisi - orqa chiqaruv teshigi sohasida kuydiruvchi og'riqdir. U defekatsiyadan keyin paydo bo'ladi. Biroq ayrim bemorlar defekatsiya vaqtida ham og'riqdan shikoyat qiladilar. Shuningdek, kichik qon ketishlar ham bo'lishi mumkin: ularni najasda yoki hojat qog'ozida qon izlari orqali sezish mumkin [1].
Agar muammo ikki oydan ortiq davom etsa, mutaxassislar surunkali anal yoriq haqida gapiradilar. Kasallikning ushbu shakliga to'lqinli kechish xosdir. Simptomlar remissiya davrida yo'qoladi va kuchayish davrida yana paydo bo'ladi [1].
Anal yoriqlar diagnostikasi
Anamnez yig'ilgandan so'ng shifokor ginekologik kresloda fizik ko'rik o'tkazadi. U orqa chiqaruv teshigini tashqi ko'rikdan o'tkazish va to'g'ri ichakni barmoq bilan tekshirishni o'z ichiga oladi. Ikkinchi muolaja ancha og'riqli bo'lgani sababli mahalliy og'riqsizlantirish ostida o'tkazilishi mumkin [1].
Tashxisni aniqlashtirish uchun instrumental tekshiruvlar talab qilinishi mumkin. Anoskopiya, rektoromanoskopiya, kolonoskopiya usullari qo'llaniladi. Ushbu muolajalar ham og'riqsizlantirish ostida bajariladi. Agar ichki sfinkter spazmining aniq belgilar mavjud bo'lmasa, proktolog uni aniqlash uchun tekshiruv tayinlaydi: sfinkterometriya yoki profilometriya [1].
Anal yoriqlarni konservativ davolash
Davolash choralari quyidagilarni o'z ichiga oladi [1]:
- najasni normallashtirish;
- anal yoriqdagi og'riqni kamaytirish;
- ichki sfinkterni bo'shashtirish;
- bitish jarayonlarini rag'batlantirish.
Anal yoriqlarning simptomatik davosi uchun shifokor Relief® liniyasidagi preparatlarni sham yoki malham shaklida buyurishi mumkin. Rektal va tashqi qo'llash uchun Relief® malhamining faol moddasi - fenilefrin bo'lib, u tomirlarni toraytiruvchi ta'sir ko'rsatadi va anorektal sohadagi shishni kamaytirishga yordam beradi [5]. Kuchli og'riq sindromida benzokain faol moddali Relief® Advance preparati (rektal shamlar shaklida) qo'llanishi mumkin, u mahalliy og'riqsizlantiruvchi ta'sirga ega[6].
Jarrohlik davolash
Jarrohlik usullari surunkali anal yoriqlarni davolashda, konservativ terapiya kerakli natija bermagan hollarda qo'llaniladi. Aralashuv ichki sfinkterni bo'shashtirishga qaratilgan: spazmni bartaraf etish yoriqning bitishiga yordam beradi. Agar yoriq qirralari chandiqlangan bo'lsa, uni qo'shimcha ravishda kesib tashlash zarur. Jarroh-koloproktolog o'zgargan to'qimalarni olib tashlaydi va anoderma yorilishi bitishi uchun chok qo'yadi.
Klinik holatga qarab shifokor quyidagi aralashuvlardan birini tanlaydi [1]:
- Yoriqni kesib tashlash va ichki sfinkterni dori vositalari yordamida bo'shashtirish. Spazm botulotoksin in?eksiyasi yordamida bartaraf etiladi.
- Yon (lateral) teri osti sfinkterotomiyasi. Ichki sfinkter skalpel bilan kesiladi, bu uning bo'shashishiga olib keladi.
Anal yoriqlar profilaktikasi
Yoriq paydo bo'lishiga olib keluvchi holatlardan saqlanish muhim. Avvalo bu defekatsiya buzilishlariga taalluqlidir. Qabziyat va diareyada simptomatik davoni o'z vaqtida qo'llash kerak.
«Kamdan-kam najas (haftasiga uch martadan kam), qattiq va bo'lakli najas o'tkir anal yoriq paydo bo'lishiga va uning surunkali shaklga o'tishiga yordam berishi sababli, qabziyatni davolash terapiyaning eng muhim qismlaridan biridir. Davolash kompleksiga albatta surgi dorilar va o'simlik tolalariga boy dieta kiritiladi. Kasallik qaytalanishining oldini olish uchun bemorlar qabziyat bartaraf etilgandan keyin ham ushbu choralarni davom ettirishlari kerak».
Krilov N. N., tibbiyot fanlari doktori, professor[7]
Anal yoriqqa xos ilk simptomlar paydo bo'lganda, shifokor-koloproktologga murojaat qilish zarur. Mutaxassis kasallik rivojlanishi yoki asoratlarining oldini olishga qaratilgan davolash va profilaktika taktikasini ishlab chiqadi [1].
Berilgan barcha ma'lumotlar ma'lumot uchun mo'ljallangan bo'lib, mutaxassisning professional konsultatsiyasini almashtirmaydi. Shikoyatlar mavjud bo'lsa, tashxis qo'yish va davolash uchun shifokorga murojaat qiling.
Manbaalar:
- Клинические рекомендации. Анальная трещина. Ассоциация колопроктологов России, 2024.
- Парфёнов А. И. Трещина заднего прохода // Медицинский совет. 2011. № 3–4.
- Ривкин В. Л. Эффективное консервативное лечение острой анальной трещины // Амбулаторная хирургия. 2016. № 3–4.
- Грекова Н. М., Бордуновский В. Н., Крочек И. В. Диагностика и лечение заболеваний прямой кишки, анального канала и промежности. Челябинск: Изд-во ООО фирма «ПИРС». 2019.
- Инструкция по медицинскому применению лекарственного препарата Релиф®.
- Инструкция по медицинскому применению лекарственного препарата Релиф® Адванс.
- Крылов Н. Н. Лечение хронической анальной трещины // Международный научно-исследовательский журнал. 2015. № 11–5 (42).
CH-20251105-43